Xitoy Shinjon Uyg‘uristonida o‘zining ilk moliyaviy tajribasini o‘tkazmoqchi

Sinxua axborot agentligining xabar berishicha, Xitoy yuanь milliy pul birligiga asoslangan chegaraosha sarmoya kelishuvlarini amalda sinab ko‘rish uchun birinchi bo‘lib asosan musulmonlar istiqomat qiluvchi Shinjon uyg‘ur avtonom bo‘lgasini tanlagan.
Xitoy Xalq banki yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, yangi tashabbusdan maqsad Shinjonning rivojlanishiga ko‘mak berish va mintaqaning qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarini kuchaytirishdir.
Yangi loyiha xorijiy davlatlar bilan savdo-sotiq va sarmoya bitimlarini AQSh dollari yoki yevroda emas, Xitoy milliy pul birligida amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, xorijliklar yuanda o‘z bank hisoblariga ham ega bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.
Mintaqa mulozimlarining aytishlaricha, qo‘l urilayotgan tajriba Shinjon va Markaziyu g‘arbiy Osiyo davlatlari orasidagi sarmoya va savdo aloqalarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Ikki tomonlama tijorat yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlaydi, tijoratchilar qarshisidagi har qanday moliyaviy xavf-xatarlarning oldini oladi.
Xitoylik mas‘ullarga ko‘ra, yuanga asoslangan yangi kelishuvlar qo‘shni davlatlarni Shinjon orqali Xitoyga kirib borishga ruhlantiradi.
Shinjon uyg‘ur avtonom mintaqasi Rossiya va Qozog‘iston doxil markaziy va g‘arbiy Osiyodagi sakkiz davlat bilan qo‘shnidir.
Bo‘lga, bundan tashqari, Xitoydagi eng ko‘p bandargohga ega bo‘lgan hudud ham sanaladi.
Rasmiy Pekin Shinjon uyg‘ur avtonom bo‘lgasidan tashqari yana 20 ta viloyatida ushbu tajribani qo‘llab ko‘rish rejasidadir.
Shinjon uyg‘ur avtonom bo‘lgasi o‘tgan yil iyul oyida qonli milliy nizolarga ham sahna bo‘lgandi.
O‘shanda hanlar va uyg‘urlar o‘rtasidagi zo‘ravon to‘qnashuvlarda 200 dan ko‘proq odam halok bo‘lgandi.
Oxirgi yillarda Shinjon uyg‘ur muxtor bo‘lgasida mahalliy uyg‘urlar bilan hanlar o‘rtasidagi taranglik ortib bormoqda.
So‘nggi o‘n yilliklar mobaynida azaldan uyg‘urlar istiqomat qilib kelgan hududga millionlab xitoylik hanlar ko‘chib borgan.
Hozirgi vaqtga kelib Shinjon Uyg‘uristonining aksar aholisi hanlardan iborat.
Hanlar soni Shinjon poytaxti Urumchi shahrida ham ko‘pchilikni tashkil etadi.
Aksar uyg‘urlar ko‘proq muxtoriyat istashadi va Pekin izn berib qo‘yganiga nisbatan ko‘proq diniy va madaniy huquqlari ta‘minlanishini xohlaydilar.
Biz hozir Londonda istiqomat qilayotgan uyg‘ur ziyoliylaridan Aziz Iso bilan bog‘lanib, Xitoy tomonining tanloviga munosabatini so‘radik:
http://www.bbc.co.uk/uzbek/world/2010/11/101102_latin_china_project.shtml